VEON kompaniyasi Toshkent shahrida Beeline Uzbekistan’ning yangi Tarmoqni monitoring va boshqaruv markazi — Network Operations Center (NOC) faoliyatini rasman taqdim etdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, VEON Group bosh direktori Kaan Terzio‘g‘lu, shuningdek, Beeline Uzbekistan kuzatuv kengashi a’zolari va boshqaruv jamoasi ishtirok etdi.
Toshkent shahrida joylashgan NOC Beeline Uzbekistan’ning raqamli “boshqaruv markazi” sifatida faoliyat yuritib, 24/7 rejimda 5 850 dan ortiq bazaviy stansiyalar ishini uzluksiz monitoring qiladi hamda 7,7 million nafar Beeline Uzbekistan abonentlari uchun barqaror aloqa ta’minlaydi (abonentlar soni 2025-yil sentabr holatiga ko‘ra).
Markaz proaktiv boshqaruv modeli asosida ishlaydi — ya’ni tarmoq ko‘rsatkichlaridagi og‘ishlar real vaqt rejimida aniqlanib, muhandislar tomonidan tezkor choralar ko‘riladi. Bu esa ko‘plab holatlarda foydalanuvchilar xizmatdagi uzilishlarni sezmasidan oldin muammolarni bartaraf etish imkonini beradi. NOC tarmoqning asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini doimiy nazorat qilib, Beeline Uzbekistan mijozlari uchun xizmat sifati va foydalanuvchi tajribasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Beeline Uzbekistan infratuzilmasi xavfsizligi faqat NOC bilan cheklanmaydi. Kompaniyada shuningdek maxsus Xavfsizlik operatsiyalari markazi — Security Operations Center (SOC) faoliyat yuritib, u raqamli muhitni sutkalik monitoring qiladi va kiberxavflarga tezkor javob beradi. SOC’ning IT-jamoalar va dasturchilar bilan integratsiyalashgan ishlash mexanizmi potentsial zaifliklarni oldindan aniqlash va foydalanuvchilar ma’lumotlarini yuqori darajada himoyalash imkonini yaratadi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanayotganini ta’kidlab, bu jarayonda samarali davlat siyosati va raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlovchi muhim tashabbuslarning o‘rni katta ekanini qayd etdi.
Shuningdek, vazir VEON kompaniyasining O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan doimiy investitsiyalari, muhim aloqa infratuzilmasini rivojlantirish, raqamli platformalar orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash hamda yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash borasida takliflarini bildirdi.
24.01.2026
Ko‘rishlar soni: 6