Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan qo‘mitaning 2025-yil yakunlari hamda 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor rejalari yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Raqamli texnologiyalar vazirligining mas’ul rahbar va mutaxassislari, Yoshlar parlamenti a’zolari hamda mahalliy va respublika OAV vakillari faol ishtirok etdilar.
Press-tur doirasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I. Abdullayev va qo‘mita a'zolari ishtirok etishib, qo‘mitaning o‘tgan yildagi faoliyati natijalari, qonun ijodkorligi sohasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, axborot texnologiyalarini joriy etish va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Shuningdek, ochiq muloqot jarayonida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Xususan, sun’iy intellektni davlat boshqaruviga joriy etish, raqamli xizmatlarni takomillashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda sohaga yosh mutaxassislarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Press-turning navbatdagi qismi Raqamli texnologiyalar vazirligi binosida tashkil etildi. Unda vazirlik vakillari tomonidan bir qator taqdimotlar o‘tkazildi. Taqdimotlarda Raqamli hukumat tizimi doirasida amalga oshirilgan islohotlar, davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazishda erishilgan natijalar, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha pilot loyihalar hamda 2025-yilda soha bo‘yicha qayd etilgan asosiy yutuqlar haqida ma’lumotlar berildi.
Shu bilan birga, sohani kelgusida rivojlantirish, IT-infratuzilmani kuchaytirish, ma’lumotlar markazlarini kengaytirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash va inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha oldinda turgan dolzarb vazifalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir doirasida IT Park Uzbekistan faoliyati bo‘yicha ham alohida taqdimot o‘tkazildi. Unda IT Park rezidentlari soni, eksport hajmlari, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, yoshlar va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida axborot berildi.
Bundan tashqari, Uzinfokom faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot ham o‘tkazilib, unda davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash, yagona integratsiya platformalari, elektron hukumat infratuzilmasi hamda milliy raqamli yechimlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Mazkur press-tur OAV vakillari uchun mamlakatda raqamli transformatsiya jarayonlari, qonunchilik tashabbuslari va sohadagi amaliy ishlar bilan yaqindan tanishish, shuningdek, ochiq va shaffof muloqotni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
21.01.2026
Ko‘rishlar soni: 3