Kuni kecha 20-yanvar kuni Samarqandda Ikkinchi Umummilliy “AI Hackathon”ning mintaqaviy bosqichining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 400 dan ortiq yosh mutaxassis ro‘yxatdan o‘tdi. Uch kun davomida mamlakatning yetakchi AT-kompaniyalari murabbiylari rahbarligida jamoalarda: tibbiyot, ta’lim, kiberxavfsizlik, tadbirkorlik va taqiqlangan moddalar aylanishiga qarshi kurash kabi sohalarda sun’iy intellektga asoslangan innovatsion loyihalar ishlab chiqadilar.
Ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov tabrik so‘zi bilan chiqish qilib, viloyatda xakaton o‘tkazilishining ahamiyatini ta’kidladi:
— Biz Samarqandning tarixiy merosi va zamonaviy texnologiyalarni birlashtirishga intilamiz. Viloyatimiz nafaqat o‘zining buyuk o‘tmishi, balki minglab faol va bilimli yoshlari bilan ham faxrlanadi. Ikkinchi Umummilliy “AI Hackathon” Samarqand taraqqiyoti uchun muhim qadam bo‘lib, IT-sohasi mutaxassislari uchun istiqbolli yo‘nalishdir.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sarvar Mo‘minov xakaton ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlarning bir qismi ekanligini qayd etdi.
Yoshlar ishlari agentligi direktorining raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi Hasanxon Yusufxo‘jayev yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar loyihalarini rivojlantirish va startaplarga sarmoya jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidladi:
— O‘zbekiston sun’iy intellekt sohasida Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallab, global miqyosda o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda. Yaqin kelajakda mamlakatimizda Markaziy Osiyodagi eng yirik sun’iy intellekt infratuzilmasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Xakatonning bosh homiysi — Uzum milliy raqamli ekotizimi. Loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Kiberxavfsizlik markazi, IT Park Uzbekistan, Uzinfocom, UNICON, AI Alliance, shuningdek AICA va ML Community hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Ishtirokchilar uchun yetakchi mutaxassislar tomonidan mahorat darslari va seminarlar ham o‘tkaziladi.
Umummilliy AI Hackathon finali 2026-yil dekabrida Toshkentda bo‘lib o‘tadi!
21.01.2026
Ko‘rishlar soni: 3