Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida tuman (shahar) hokimlari hamda tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari uchun sun’iy intellekt yo‘nalishida malaka oshirishga qaratilgan o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi hududiy rahbar kadrlarning sun’iy intellekt sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, davlat boshqaruvida zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishdan iborat bo‘ldi.
O‘quv-seminarda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, nutq so‘zladi. Vazir o‘z chiqishida sun’iy intellekt texnologiyalari davlat va hududiy boshqaruvda muhim strategik omilga aylanayotganini ta’kidlab, ushbu jarayonda faol ishtirok etish, sun’iy intellektdan foydalanish madaniyatini yanada oshirish muhim ekanini alohida qayd etdi.
Seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasining sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi hamda uni amalga oshirishda hududiy rahbarlarning vazifalari atroflicha yoritildi. Ishtirokchilar strategiyaning asosiy maqsadlari, maqsadli ko‘rsatkichlari va vazirlik hamda idoralar zimmasiga yuklatilgan vazifalar mazmun-mohiyati bilan tanishdilar, shu orqali rahbar kadrlar uchun belgilangan mas’uliyat va yuklamalarni chuqur anglashga e’tibor qaratildi.
O‘quv-seminar davomida sun’iy intellekt texnologiyalari orqali hududlarning iqtisodiy salohiyati, investitsiya jozibadorligi va ekologik risklarini real vaqt rejimida tahlil qilish hamda bashoratlash masalalari muhokama qilindi.
Jarayonlarni optimallashtirish modellari va sun’iy intellekt yechimlaridan foydalanish, resurslardan oqilona foydalanish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkoniyatlari amaliyot bilan bog‘lab tushuntirildi.
Shu bilan birga, seminarda sun’iy intellektdan foydalanish etikasi, kiberxavfsizlikni ta’minlash va ochiq hamda shaffof boshqaruv tamoyillariga rioya etishning institutsional yondashuvlari keng yoritildi.
Mazkur o‘quv-seminar hududiy rahbar kadrlarda sun’iy intellektdan mas’uliyatli, xavfsiz va samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, ekologiya va infratuzilmani samarali boshqarishda innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
20.01.2026
Ko‘rishlar soni: 3