2-iyul – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

Ana shunday ramzlardan biri Davlat gerbidir. Gerb – bu bir davlatni boshqalardan ajratib turadigan nishoni, ramzi va timsolidir. Gerb qaysi davlatga tegishli bo‘lsa, o‘sha davlatning tarixiy an’analarini ifodalovchi ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan tasvirlar yig‘indisidan iborat bo‘ladi.

1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi ham O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbida tog‘lar va daryolar, so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan, gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz aks ettirilgan.

Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “O‘zbekiston” deb yozib qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining takrorlanayotgan tasviri, uning katta-kichikligidan qat’i nazar, ushbu Qonunga ilova qilingan rangli va oq-qora tasviriga aniq mos bo‘lishi kerak.

Mazkur qonunning 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shartligi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

2010-yil 25-dekabrdan kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda davlatimiz gerbidan foydalanish qoidalari yanada mustahkamlangan. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2031-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 215-moddasida O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Shunday ekan azizlar, jonajon Vatanimiz ramzlaridan biri hisoblangan Davlat gerbini hurmat qilaylik!

Qo‘shimcha: Gerb (polyakcha — “herb”, nem. “Erbe” — “meros” so‘zidan olingan) — biron-bir mamlakat yoki hududning siyosiy va tarixiy xarakterdagi g‘oyalari majmuasini, o‘ziga xos tabiiy va xo‘jalik xususiyatlari, tabaqaviy tafovutlarini, shaxs, urug‘ va boshqalarning shajaralarini ifodalovchi alohida ramziy belgi hisoblanadi.

Gerblar rangi, shakllari, rasmlari bilan o‘zaro farqlanib, maxsus qoidalarga binoan ishlanadi va maxsus terminlar bilan tavsiflanadi.

Gerblar quyidagi toifalarga bo‘linadi:

– Davlat gerblari;

– viloyat, tuman, shahar va boshqalarning gerblari;

– korporatsiya va firmalar (o‘rta asrlardagi sex, gildiya va birlashma) larning gerblari;

– urug‘lar va qabilalarning gerblari.

Gerblar antik davrlardan paydo bo‘lgan, Shumer davlatining gerbida sher boshli burgut, Qadimgi Rim davlati gerbida esa burgut tasvirlangan.

Amir Temur davlatining ham gerbi bo‘lgan. Bu gerbda uch halqa tasvirlangan bo‘lib, bu Amir Temurning uch iqlimda, ya’ni Shimol, Janub va G‘arbda hukmron ekaniga ishoradir.

Keyinchalik bayroqlar, qog‘oz pullar, muhrlar, qog‘ozlarda gerblarning tasviri tushirila boshlandi. Gerb va ularning tarixi bilan geraldika fani shug‘ullanadi.

Yaratilgan vaqt: 02.07.2025
Ko‘rishlar soni: 6