Konstitutsiya va Davlat madhiyasining 32 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda 10-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun hamda ushbu sanalarga 32 yil to‘lishi munosabati bilan Vazirlik markazi apparati va tizimdagi korxona hamda tashkilotlarning rahbar-xodimlari ishtirokida “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirni kirish va tabrik so‘zi bilan ochgan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov tadbir ishtirokchilarini Bosh Qomusimiz hamda Davlat madhiyasi qabul qilingan kun va ushbu sanalarga 32 yil to‘lishi munosabati bilan samimiy tabrikladi. Vazir Konstitutsiyaning ahamiyatiga gapirar ekan, uni hamma o‘qishi, Bosh Qomusimiz haqida umumiy ma’lumotga ega bo‘lishi va o‘z sohasiga oid moddalarni yoddan bilishi zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Sh.Shermatov Davlat madhiyasini jonli aytish insonga o‘zgacha faxr tuyg‘usini baxsh etishini alohida qayd etdi.

Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Shaxnoza Joldasova hamda Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi katta o‘qituvchisi Raxmatilla Dexkanovlar Konstitutsiyaning fuqarolarimiz hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati, yangilangan Bosh Qomusimiz loyihasini ishlab chiqish jarayonlari, bu jarayonda ishtirok etgan xalqimizning faolligi, ular tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va tashabbuslar, unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga alohida to‘xtalib o‘tishdi.

Jumladan, Shaxnoza Joldasova O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishini alohida ta’kidlab, yangilangan Konstitutsiyaning har bir so‘zi tag-zamirida o‘ziga xos ma’no-mazmun yotishini, moddalar so‘ngida keladigan mas’uldirlar, majbur, mumkin emas, shart-sharoit yaratadi, asoslanadi, ta’minlaydi, shart, huquqiga ega, yo‘l qo‘yilmaydi kabi so‘zlarga e’tibor qaratib, bu so‘zlarning kelishiga qarab mazkur moddaning ta’sir kuchi qay darajada ekanligi ma’lum bo‘lishini qayd etdi. 

Tadbir davomida Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Huquqiy zakovat” intellektual o‘yinida birinchi o‘rinni egallagan jamoaga, shuningdek, vazirlik va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarga “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarida erishilgan yuqori ko‘rsatkichlar uchun sertifikatlar topshirildi.

Tadbir yakunida Mudofaa vazirligi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi “Impuls” harbiy ansambli tomonidan konsert dasturi taqdim qilindi.

Yaratilgan vaqt: 08.12.2024
Ko‘rishlar soni: 21