Millat bayrog‘i 33 yoshda

Bugun Raqamli texnologiyalar vazirligida 18-noyabr  Yurtimiz bayrog'i qabul qilingan kun hamda ushbu sanaga 33-yil to‘lishi munosabati bilan Vazirlik markaziy apparati departament, boshqarma va bo‘limlari rahbar-xodimlari, shuningdek, tizim korxona va tashkilotlar xodimlari ishtirokida “Millatimiz bayrog‘i 33 yoshda” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi.

Tadbirni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov kirish so‘zi bilan ochib, sohaning barcha rahbar-xodimlarini davlatimiz ramzlaridan biri bo‘lgan – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun bilan samimiy tabrikladi va barchani bayrog‘imizni qadrlash, e’zozlash, hurmat ko‘rsatish bo‘yicha chellenjda faol ishtirok etishga chaqirdi. Shuningdek, bugungi kunda raqamlashtirish sohasi mamlakat iqtisodiyotida o‘z o‘rniga ega ekanligini aytib, vatanparvarlik, ma’naviy-ma'rifiy ishlarda ham oldingi safda bo‘lishi zarurligini alohida qayd etdi.

Sh.Shermatov “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2023-yil 7-iyuldagi Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatni ta’minlagan holda uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek, ularga tutash bo‘lgan hududlarda foydalanilishi mumkinligini ta’kidlab, bayroqqa doimiy hurmat ko‘rsatish zarurligini qo‘shimcha qildi.

Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi N. Abdullayev O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun, ya’ni 18-noyabr kuni “Millat bayrog‘i” va “Bayroq va men” shiori ostida suratlarga tushib, o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali keng targ‘ib qilishlarini, mazkur sana munosabati bilan o‘tkazilayotgan chellenjlarda faol ishtirok etish orqali axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining katta kuch ekanligini ko‘rsatishlarini so‘radi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoirlar – Faxriddin Hayit hamda Rustam Mirvohidlar ishtirokida “She’r aziz olam aro...” ijodiy uchrashuv tashkil qilindi. Ular, avvalo, sana munosabati bilan “Davlat bayrog‘ining mamlakat va insonlar hayotida tutgan o‘rni” va “Bayrog‘im – faxrim” mavzularida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Bundan tashqari, Ona vatan, hayot, ota-ona, odamiylik va mehr-muhabbat va boshqa mavzularda o‘zlarining she’rlarini o‘qib berishdi. Ayniqsa, Faxriddin Hayitning “Odamlarga qarab yashama, odamlarga qarab yashagin!”, “O‘z vatani bo‘lsin”, “Ayol”, Rustam Mirvohidning “Ikkinchi odam”, “Ona”, “Zamonaviy oshiq izhori” kabi she’rlari tadbir ishtirokchilari tomonidan o‘zgacha kayfiyat bilan kutib olindi.

Yaratilgan vaqt: 18.11.2024
Ko‘rishlar soni: 33