Raqamli texnologiyalar vazirligi yurtdoshlarimizni Konstitutsiya qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan qutlaydi

Xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlab olingan huquqiy-demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib kelayotgan Asosiy qonunimizning milliy taraqqiyotimizdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Barchamizga ma’lumki, 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi umumxalq ovoz berish orqali qabul qilindi.

Yangilangan Konstitutsiyaga birinchi marta raqamli texnologiyalar sohasiga oid modda kiritildi. Ya’ni Bosh qomusimizning 33-moddasida davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi, deya belgilab qo‘yildi.

Bunday moddaning kiritilishi soha vakillarini, ya’ni bizni xursand qilish bilan birga, bizga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklaydi. Demak, biz avvalgidan ko‘ra ko‘proq mehnat qilishimiz, sohani rivojlantirish va takomillashtirish uchun yangidan yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishimiz, loyihalarni amalga oshirishimiz talab qilinadi.

Har bir fuqaroning haq-huquqlari aniq belgilab qo‘yilgan Yangi Konstitutsiya bizga inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldida yuksak mas’uliyat yuklaydi.

Shunday ekan, har birimiz Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquqlarimizdan foydalanish bilan birga, unda ko‘rsatilgan majburiyatlarni ham bajarishga e’tibor qaratishimiz zarur.

Aziz yurtdoshlar!

Sizlarni yana bir bor Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun bilan samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadoningizga fayz-u baraka tilaymiz.

Xalqimiz tinch, yurtimiz omon bo‘lsin!

Yaratilgan vaqt: 08.12.2023
Ko‘rishlar soni: 1071