O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir” deb belgilab qo‘yilgan.
Bugun yurtimizda Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘zbek tilini yanada rivojlanishi, uning jahon maydonidagi nufuzi va obro‘sini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, 2020-yil 23-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z siyosiy irodasini namoyon etib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida hamda 2023-yil 19-sentabr kuni Bosh Assambleyaning 78-sessiyasida yana shu minbardan turib o‘zbek tilida nutq so‘zlaganligi buning yaqqol namunasidir.
Gap o‘zbek tilining Onamiz tili ekanligi haqida ketar ekan, Prezidentimiz tomonidan O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqini keltirish maqsadga muvofiq: “Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin”.
Shu o‘rinda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda uning tizimida davlat tilida ish yuritishda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ikki og‘iz so‘z: ayni damda Vazirlik markaziy apparati va tizimdagi korxona hamda tashkilotlarda ish yuritish to‘liq davlat tilida, lotin yozuvchiga asoslangan o‘zbek alifbosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu jarayon mas’ullar tomonidan doimiy ravishda muvofiqlashtirib borilmoqda.
Vazirlik va “UZINFOCOM” yagona integrator MCHJ tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida ishlab chiqilgan va ishga tushirilgan so‘z va matnlarni lotin-kirill, kirill-lotin grafikasiga to‘g‘ri o‘girish hamda yuborilgan matnni imlo qoidalari asosida tahlil qilish va matnda xato yozilgan so‘zlarni ajratish, shuningdek, o‘zbek tilining izohli, imlo va sohalarga oid lug‘atlari ma’lumotlar bazasidan samarali foydalanish imkoniyatlarini taqdim etuvchi tahrirlovchi.uz loyihasi amalga oshirildi.
XX asr boshida yashab ijod qilgan Is'hoqxon Ibratning: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”, – degan hikmatli so‘zlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligi hamda O‘zbek tili bayrami bilan samimiy muborakbod etib, barchangizga mustahkam salomatlik, oilangizga qut-baraka, tinchlik va omonlik tilaymiz.
Ona tilimizning so‘nmas ziyosi ongu tafakkurimiz, qalblarimizni hamisha yoritib tursin!