AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv Memorandumi imzolandi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Amerika Qo‘shma Shtatlariga xizmat safari doirasida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Siyosat va dasturlar bo‘yicha boshqaruvchi o‘rinbosari Izobel Koulman bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekistonda IT sohasida olib borilayotgan islohotlar hamkorlik, IT sohasini qo‘llab-quvvatlash, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, xususiy sektorni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Shu bilan birga, IT-ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ingliz tilini mahalliy aholi o‘rtasida keng rivojlantirish borasida amaliy ishlar va kelgusidagi rejalar haqida o‘zaro fikrlar almashildi.

Uchrashuv davomida, USAID bilan hamkorlikda yoshlar va xotin-qizlarni IT tadbirkorlikka jalb qilish, startap eko-tizimini rivojlantirish, o‘qituvchi va davlat boshqaruv organlari xodimlarini AKT va ingliz tiliga o‘qitish va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalarni IT-Park va boshqa IT sohasida faoliyat yuritadigan o‘quv muassasalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan yangi loyihalarni grant mablag‘lari hisobiga amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv Memorandumi imzolandi.

Memorandum doirasida AQSh agentligi “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. USAID, shuningdek, yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb qilish, texnik ta’lim muassasalarini o‘zaro bog‘lash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va IT sohasidagi boshqa tashabbuslarda ishtirok etish orqali mamlakatda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Shu bilan birga, Memorandum asosida USAIDning Future Growth Initiative dasturi doirasida O‘zbekistonda elektron tijorat yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlarni o‘tkazishga kelishib oldilar.

Yaratilgan vaqt: 16.08.2023
Ko‘rishlar soni: 1545